“O‘ZBЕKISTON ARMIYASI: KECHA VA BUGUN”
2025-09-20 16:35:00 / Yangiliklar

Tanlovning maqsadi harbiy xizmatchilarning jangovar mashg‘ulotlardagi ishtiroki, erishgan yutuqlari, yurt himoyachilarining vatanparvarligi, matonati, jasorati, iftixori hamda Vatanga bo‘lgan beqiyos sadoqati ta’sirli tarzda aks etgan fotosuratlarni targ‘ib etish orqali yoshlar o‘rtasida harbiy kasbga qiziqish uyg‘otish, xalqimizning o‘z himoyachilariga bo‘lgan hurmat va ehtiromini yanada mustahkamlashdan iborat.
Tanlovda quyidagilar qatnashishi mumkin:
– professional fotomuxbirlar;
– tasvirchilar va dizaynerlar;
– blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari;
– foto havasmandlar;
– OAV va veb-sayt vakillari;
– harbiy xizmatchilar.
Tanlovga 2025-yilning 20-dekabrigacha 3 tadan 5 tagacha fotosurat Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamentida to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki elektron shaklda qabul qilinadi. Suratlarga ishtirokchilarning ma’lumotnomasi, pasport yoki ID karta nusxasi ilova qilinishi shart.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sag‘bon ko‘chasi, 382-uy.
Elektron manzil: @yurt_posboni (elektron fayl yuboruvchilar uchun).
Telefon: +998914573514
(ma’lumot uchun).
Fotosuratlarga
qo‘yiladigan talablar
Fotosuratlar yuqori sifatli, aniq va estetik jihatdan mukammal, vatanparvarlik ruhida bo‘lishi shart.
Elektron yuboriladigan suratlar 3 megabaytdan kam bo‘lmagan, 5000x3600 mm, 300 dpi hajmda bo‘lishi, besh donadan oshmasligi, har bir fotosurat uchun tasvirga olingan joy va sana, qisqa izoh yozilishi hamda barcha materiallar bitta “zip” papkaga joylashtirilishi zarur.
Tanlovni o‘tkazish tartibi va muddati:
Fotosuratlarni qabul qilish:
– 2025-yil 20-dekabr;
– g‘oliblarni aniqlash: 2025-yil 25–30-dekabr;
– taqdirlash marosimi: 2025-yil, yanvar.
Mukofotlar va nominatsiyalar:
Asosiy nominatsiyalar:
– “Eng yaxshi fotosurat” (professionallar uchun);
– “Eng yaxshi fotosurat” (havaskorlar uchun);
– “Harbiy xizmatchining eng yaxshi fotosurati”.
Rag‘batlantiruvchi mukofotlar:
– “Kecha va bugun aks etgan eng yaxshi kompozitsiya”;
– “Harbiy xizmatchining hayotini yoritgan eng haqqoniy tasvir”;
– “Harbiy xizmatchining baxtiyor oilasini aks ettirgan surat”;
– “Yosh fotomuallif ishi” (25 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar uchun).
Har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar quyidagi tartibda taqdirlanadi:
Asosiy nominatsiyalar bo‘yicha:
– 1-o‘rin (1 ta) – maxsus diplom va eng kam ish haqining 5 (besh) barobari miqdoridagi pul mukofoti;
– 2-o‘rin (1 ta) – maxsus diplom va eng kam ish haqining 4 (to‘rt) barobari miqdoridagi pul mukofoti;
– 3-o‘rin (1 ta) – maxsus diplom va eng kam ish haqining 3 (uch) barobari miqdoridagi pul mukofoti.
Rag‘batlantiruvchi mukofotlar bo‘yicha:
– har bir sovrindorga (3 nafar) – maxsus diplom va eng kam ish haqining 1 (bir) barobari miqdoridagi pul mukofoti.
G‘oliblarning eng sara ijodiy ishlari hamda hakamlar tomonidan eng yaxshi deb topilgan 34 ta fotosuratning ko‘rgazmasi Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Toshkent fotosuratlar uyida tashkil etiladi.
Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat dеpartamеnti
