Tarixiy xotira, maʼnaviy va ruhiy ozuqa
2025-09-13 12:20:00 / Yangiliklar

Ushbu jarayon jadidchilik harakati qahramonlariga bagʻishlab oʻtkazilayotgan adabiy, maʼnaviy-maʼrifiy kechalarda ham namoyon etilayotgani alohida eʼtiborga molik. Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Tarixiy xotira, maʼnaviy va ruhiy tarbiya – yangi Oʻzbekiston poydevori” mavzusidagi adabiy kecha va kitob yarmarkasi shular jumlasidandir.
Tadbirda dastlab Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning “Jadidlar” sheʼri asosida tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Shundan soʻng Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari, “Qatagʻon qurbonlari” davlat muzeyi rahbariyati, tarix fanlari doktori va professorlar oʻz chiqishlarida Fitrat, Choʻlpon, Qodiriy, Behbudiy, Abdulla Avloniy, Elbek, Ibrat, Zohiriy, Saidrizo Alizoda kabi zabardast shaxslarning hayoti va ijodiga oid qimmatli maʼlumotlarni yigʻilganlar eʼtiboriga yetkazishdi.
Qiziqarli oʻtgan adabiy kecha davomida qatnashchilar bir-biridan qimmatli maʼlumotlarni olish bilan birga “Turon” davlat harbiy teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yurt qaygʻusi” deb nomlangan spektaklda jadidchilik harakati namoyondalarining boshidan kechirgan qiyinchiliklarning guvohiga aylanishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







