Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida "Yetakchi askarlar" faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2025-09-09 11:30:00 / Yangiliklar

Ayni shu maqsadda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xayrobod garnizonidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyati va kasbiy mahoratini yuksaltirish, ularning liderlik va yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar boshlab yuborildi.
Yetakchi askarlar etib oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olish yoki kontrakt asosida harbiy xizmatni davom ettirish istagini bildirgan muddatli harbiy xizmatchilar tanlab olindi. Ular harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan tayinlanib, jamoa bilan birgalikda barcha sohalarda faol xizmat olib bormoqda.
Ma’lumot uchun: Bo‘linmalarda “Yetakchi askar” kelajakda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirish istagi bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida tanlab olinadi. Tanlangan muddatli harbiy xizmatchilardan bir nafari haftaning ma’lum kunida o‘zining bo‘linmasiga guruh yoki vzvod komandiri etib tayinlanadi. Yetakchi askar kun davomida (mansabdor shaxs nazorati ostida) harbiy qismda belgilangan kun tartibi hamda belgilangan tadbirlar ijrosini tashkil etadi va shaxsiy tarkibni boshqaradi.
“Yetakchi askarlar kuni”ni o‘tkazishdan maqsad — harbiy jamoalarda askariy birodarlik, bir-birlariga o‘zaro yordam va hurmat muhitini yanada mustahkamlash, ular o‘rtasida ishonch, sog‘lom mas’uliyat va ma’naviy-axloqiy raqobat yaratish, bo‘lajak harbiy xizmatchilarning malakasini oshirish, shuningdek, yetakchi askarlar orqali bo‘linmalarda muddatli harbiy xizmatchilarning muammolarini aniqlash va ularga yechim topish, barcha masalalarda komandir va askarlar o‘rtasida ko‘prikni hosil qilish.
Mazkur chora-tadbirlar harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning birdamligi va xavfsizlikni ta’minlash hamda jamoatchilikda harbiy kasbga nisbatan hurmat va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta.
Shuningdek, mazkur tashabbus doirasida “Yetakchi askarlar” forumlarini o‘tkazish belgilangan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





