Yoshlar okrug boshqaruv apparatida mehmon bo‘lishdi
2025-09-05 11:40:00 / Yangiliklar

Okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan ertamiz egalarining harbiy vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda dastlab yoshlar okrug shtabida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Ayniqsa qurol-aslahalar ko‘rgazmasi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Okrug shonli tarixi muzeyi o‘z bag‘riga harbiy tarixni gavdalantiruvchi turli ma’lumot va eksponatlarni qamrab olgan. Bir tomonda okrugning bosib o‘tgan shonli yo‘l borasida zaruriy ma‘lumotlar saqlansa, boshqa tomonda yurt o‘g‘lonlari erishgan yutuqlar gavdalantirilgan. Umuman olganda, muzey bo‘ylab qilingan kichik sayohatning o‘zi yoshlarda harbiy xizmat borasida ulkan ma’lumotlar olishga imkon berdi.
Shundan so‘ng, okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida “Qo‘mondon va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Unda okrug qo‘shinlar qo‘mondoni tomonidan milliy armiyamizdagi o‘zgarishlar, mudofaa salohiyati, oliy harbiy bilim yurtlari hamda harbiy xizmatchilarimizning qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va marralar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv mohiyatini harbiylikning sharafi va mashaqqatli mas’uliyati haqidagi to‘laqonli tushunchalar bilan boyitdi. O‘z navbatida yoshlar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati






