Jadidlar – millat fidoyilari
2025-09-05 10:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, faxriylar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, otaliqqa olingan yoshlar, shuningdek, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, deputatlar, professor-o‘qituvchilar, taniqli shoir va shoiralar ishtirok etdi.
Ma’naviy kechada XX asr boshlarida taraqqiyot va ma’rifat yo‘lida fidokorona xizmat qilgan jadidchilik harakati namoyandalari – Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvar Qori Abdurashidxonov kabi milliy uyg‘onish peshqadamlarining hayoti, faoliyati va tarixiy merosi haqida keng ma’lumot berildi. Ularning ilm-fan, ma’rifat va istiqlol yo‘lidagi xizmatlari, xalq ogohligi va o‘zligini anglash borasidagi o‘rni yoritildi.
Tadbir davomida deputatlar, professorlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, shoir va shoiralar so‘zga chiqib, jadidlar merosi, bugungi yoshlarga berayotgan saboqlari, ilm-fan va ma’naviyatga bo‘lgan ehtiyoj haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Kechaning madaniy qismida harbiy xizmatchilar tomonidan sahnalashtirilgan jadid bobolarimiz hayotidan ilhomlangan sahna ko‘rinishlari, shuningdek, qatag‘on davrlaridagi fojialarni aks ettirgan hujjatli film namoyish etildi. Og‘ir yillarda millat uchun kurashgan fidoyi ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan bu ko‘rinishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Yakunida yurt posbonlari uchun kitob yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda harbiylar va yoshlar uchun tarix, vatanparvarlik, ma’naviyat va mustaqillik g‘oyalarini aks ettiruvchi adabiyotlar taqdim etildi.
III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni.









