Тemur davrida baxshilar qanday tanlab olingan?
2025-09-04 09:40:00 / Yangiliklar

Shu bois Temur saroyida baxshilarni tanlash masalasi nihoyatda jiddiy va mas’uliyatli jarayon bo‘lgan. Nomzod baxshi xalqning turmush tarzini, urf-odat va qadriyatlarini mukammal bilishi, tarixiy voqealarni yoddan ayta olishi, ularni badiiy talqin bilan boyitib, tinglovchini o‘ziga rom eta olishi kerak bo‘lgan. Ularning ovozi maydon to‘la odamning diqqatini bir nuqtaga jamlashi, so‘zlari esa askarlarga jangovar ruh bag‘ishlashi lozim edi.
Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, har bir viloyatga yetib borgan baxshilar xalqning ahvolini, dardini, kayfiyatini, muammolarini surishtirib, sultonga yetkazar, yurt ahlining itoati va qarshilik darajasini ma’lum qilib turgan.
Bunday iste’dod egalari sinovdan sinovga solinar, ovozining jarangdorligi, nutqining ravonligi, xotirasining kuchi va eng muhimi, so‘z orqali ta’sir o‘tkazish mahorati sinchkovlik bilan baholanardi.
Saroyga kirishga muyassar bo‘lgan baxshilar nafaqat san’at ahli, balki Temur saltanatining ma’naviy qalqoni, xalq va hukmdor o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik vazifasini o‘taydigan shaxsga aylangan.
Asarda keltirilishicha, buyuk sulton har bir yurishga ilmli, so‘zga usta baxshilarni tayinlab, ularga o‘ta muhim vazifalarni topshirgan. Ular ishonchli kishilar bo‘lib, voqealarni nafaqat yozib borgan, balki xalq orasida tarqatib, tilga ko‘chirib yurgan.
Shuningdek, asarda Temur baxshilarni ehtiyotkorlik bilan tanlab, ularga rasmiy va norasmiy axborotni yetkazish vazifasi yuklatilgani ko‘rsatilgan. Ammo bunday yuksak vazifaga har kim ham da’vogarlik qila olmagan. Baxshilarni tanlash jarayoni o‘sha davrning eng nozik va mas’uliyatli ishlaridan biri sanalgan va bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Har bir bosqichda nomzodning nafaqat ovozi, balki xotirasi, so‘zga bo‘lgan mehr-muhabbati sinchiklab to‘rt bosqichda tekshirilgan.
Birinchi bosqichda iste’dodning uyg‘unligi sinovdan o‘tkazilgan. Temur amriga binoan, avvalo, iste’dod egalari yurt bo‘ylab izlab topilgan. Ularning ovozi, so‘z yodlash qobiliyati, doston aytish mahorati sinovdan o‘tkazilgan. Dastlab nomzod baxshilar o‘z dostonini yoki xalq orasida mashhur bo‘lgan bir asarni yoddan aytib bergan. Bu jarayonda so‘zlar bir-biriga shunchalik uyg‘un kelishi, ohang tinglovchining yuragiga tegishi, go‘yo voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotgandek his qildirish mahorati tekshirilgan. Temur saroyidagi hofizlar va tajribali baxshilar nomzodning ovoz tembriga, ohangni o‘zlashtirish qobiliyatiga, so‘zlar ortidagi ruhni bera olishiga alohida e’tibor qaratgan.
Ikkinchi bosqichda xotira va bilim darajasiga qaralgan. Baxshidan, faqat she’r, doston yodlovchi emas, balki xalq xotirasini tirik saqlovchisi bo‘lish talab etilgan. Shu bois nomzoddan qadimiy rivoyatlar, shajaralar, tarixiy voqealarni mukammal aytib bera olish so‘ralgan. Unga turli yurtlar, qahramonlar yoki qadimiy janglar haqida to‘satdan savollar berilib, javoblar esa nafaqat mazmun jihatidan, balki badiiy ifodasi bilan ham baholangan.
Uchinchi bosqichda ruhiy ta’sir kuchi tekshirilgan. Temur uchun baxshi – bu nafaqat san’atkor, balki jangchi qalbiga ishonch va g‘urur soluvchi ruhoniy kuch bo‘lgan. Shu sabab nomzod bir necha askar yoki yig‘ilgan xalq oldida chiqish qilib, ularni ruhlantirishi talab etilardi. Agar tinglovchilarning ko‘zi chaqnab, yuzida ilhom uchquni porlasa, bu sinovdan muvaffaqiyat bilan o‘tganining belgisi sifatida qaralgan.
Nihoyat, to‘rtinchi bosqichda sadoqat va odob-axloq qoidalari o‘rganilgan. Temur saroyidagi baxshiga xalqning ovozi bo‘lishi bilan birga hukmdorning sha’ni va davlatning obro‘sini himoya qiluvchi shaxs sifatida qaralgan. Shu bois nomzodning sadoqati, halolligi, so‘zga bo‘lgan mas’uliyati ham sinab ko‘rilgan. U shunday odam bo‘lishi kerak bo‘lganki, qo‘liga yetib kelgan har bir so‘z tosh kabi mustahkam, yurakka urilgan nayza kabi ta’sirchan bo‘lishi talab qilingan.
Ana shu to‘rt bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tganlargina Temur saroyiga qabul qilinar, ular bundan buyog‘iga oddiy inson emas, balki el-yurt tarixining ovozli kitobi bo‘lib xizmat qilgan.
Shuningdek, ularning qo‘shiqlari va dostonlari saltanatning ovozi, xalq qalbining ohangi bo‘lib jaranglagan. Temur ularni “so‘z jangchilari” deb atar, qilich egasi yurtni tan bilan, baxshi esa ruh bilan himoya qilishini ta’kidlagan. Shu tariqa Temur davrida baxshi bo‘lish shunchaki iste’dod emas, balki el-yurt xizmatidagi yuksak mas’uliyat, davlat va xalq oldidagi sharafli burch bo‘lgan. Bugun esa o‘sha baxshilarning ovozi tarixning chuqur qatlaridan eshitilib, bizga vatanparvarlik va so‘z qudratining beqiyos kuchini eslatadi.
Leytenant Mansurbek JABBOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti
