Samarqandda “25 Jahon chempionati”ga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2025-08-18 14:15:00 / Yangiliklar

Xususan, Samarqand shahri yana bir yirik tadbirga mezbonlik qilmoqda. Xalqaro harbiy Sport Kengashi (CISM) rahbarligida Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi hamda Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa 120 dan ortiq harbiy sportchilarni bir maydonga jamlamoqda.
Bugun kunning birinchi yarmida xalqaro musobaqa oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing va matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda xorijiy va mahalliy OAV vakillari, hakamlar hamda harbiy sportchilar ishtirok etdi.
Brifingda dastlab tashkilotchilar tomonidan yig‘ilganlarga musobaqaning o‘tkazilish tartibi, qonun-qoidalari va baholash mezonlari haqida umumiy ma’lumot berildi.
Shuningdek, Xalqaro harbiy sport kengashi Bosh kotibi Roberto Rechchiya musobaqaning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Shu bilan birga, mas’ullar ushbu musobaqaning qamrov darajasi yildan yilga oshib borayotgani, unga yana ko‘pgina harbiy sportchilar qiziqish bildirayotganini alohida ta’kidladi.
OAV vakillari uchun tashkil etilgan matbuoat anjumanida esa jurnalistlar musobaqa bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi. Xususan, Xalqaro harbiy Sport Kengashi vakili va Mudofaa vazirligi ma’sullari hamda xalqaro toifadagi hakamlar hay’ati bilan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa tashkilotchilarining ta’kidlashicha, chempionatni xalqaro darajadagi hakamlar kuzatib boradi hamda zamonaviy elektron vaqt o‘lchov tizimlarini qo‘llagan holda natijalar tezkor va adolatli e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, chempionatda dunyoning 13 ta (O‘zbekiston, Belgiya, Kanada, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Sloveniya, Shveysariya, Qatar, Rossiya, Eron, Portugaliya, Qozog‘iston) mamlakatidan kelgan 120 nafar sportchi 3 ta toifada — yakkalik, jamoaviy (MIX) va yoshi kattalar (Senior) bahslarida 5 ta medallar jamlanmasi (yakkalik va guruh bahslari) uchun kuch sinashadi.
Jahon chempionatining ochilish marosimi bugun soat 19:00 da “Silk Road Samarkand” turistik majmuasining “Boqiy shahar” hududida bo‘lib o‘tadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









