«Vatanparvar» tashkiloti orqali Yevropaga yo‘l
2025-08-12 16:20:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida tashrif buyurganlar «Vatanparvar» tashkiloti o‘quv muassasasi va avtodromida haydovchilarni tayyorlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Shu bilan birgalikda yigirmaga yaqin o‘quv kursi qatnashchisi avtobus va pritsepli yuk mashinalarida dastlabki sinovlarni topshirishdi.
Ushbu loyiha «Vatanparvar» tashkiloti hamda «Swift Road Transport Academy» va «The Kasb xususiy bandlik agentligi» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumga asoslanib yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlar o‘rtasida imzolangan hujjatga binoan tashkil etiladigan bunday kurslarda AQSh hamda Yevropada yuk va yo‘lovchi tashuvchi haydovchisi sifatida ishlash istagidagi o‘zbekistonlik fuqarolar «KOD-95», «ADR» va «Taxograf chip kartochkalari» bo‘yicha o‘qitiladi.
Bunday kurs ilk marotaba uch oy avval Navoiy viloyatida yo‘lga qo‘yilgan edi. Kelasi haftada esa Farg‘ona viloyatida ochilishi belgilangan. Kelgusida bunday o‘quv kurslari respublikamizning qolgan hududlarida ham tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, «Swift Road Transport Academy» MChJ tomonidan haydovchilar Yevropa ish muhitiga tez moslashishlari uchun rus va ingliz tillari bo‘yicha maxsus o‘quv moduli ham joriy etilgan. Bu modul orqali haydovchilar Yevropa logistika kompaniyalari vakillari bilan muloqot qilish, ish joyida xavfsizlik qoidalariga rioya etish va hujjat ishlarini yuritish uchun zarur bo‘lgan asosiy til ko‘nikmalarini egallaydilar. Mashg‘ulotlar soha terminologiyasi va haydovchilik kontekstiga moslab tuzilgan. Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan haydovchilar «The Kasb xususiy bandlik agentligi» MChJ orqali xorijdagi ish beruvchi kompaniyalarga yo‘naltiriladi.
«UZ2EU: Haydovchilarni Yevropaga Yo‘naltirish Dasturi» deb nomlangan mazkur loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi:
1. «Vatanparvar» tashkiloti haydovchilarni tayyorlash uchun o‘quv-moddiy texnik bazasi va ishchi kuchini taqdim etadi.
2. «Swift Road Transport Academy» MChJ Yevropa standartlariga mos bir oylik o‘quv kurslarini tashkil qilib, haydovchilarga sertifikatlarni topshiradi.
3. «The Kasb xususiy bandlik agentligi» MChJ har tomonlama tayyor bo‘lgan haydovchilarning hujjatlarini rasmiylashtirib, ish beruvchilar bilan bog‘lanadi va ularni Yevropa mamlakatlariga ishga yo‘naltiradi.
«Kod 95» bu Yevropa Ittifoqida yuk mashinalari va avtobuslar haydovchilari sifatida ishlash istagida bo‘lgan odamlar o‘qib ega bo‘lishi majburiy bo‘lgan sertifikatdir. U haydovchilik kasbini to‘liq o‘zlashtirish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish kabi Yevropa Ittifoqining umumiy standartlarini belgilab beruvchi kasbiy malaka sertifikati hisoblanadi. U og‘irligi 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan va 9 nafardan ortiq yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari haydovchilariga qo‘shimcha ravishda topshiriladigan hujjatdir. «Kod 95» sertifikatisiz Yevropa Ittifoqida yo‘lovchi va yuk tashuvchi transporti vositalarini boshqarish taqiqlanadi.
«ADR» bu xavfli yuklarni xalqaro yo‘llarda tashish to‘g‘risidagi Yevropa bitimidir. Mazkur hujjatda agar halokatga uchrasa, inson sog‘lig‘i va hayotiga hamda atrof-muhitga ziyon yetkazadigan yuklarni tashish bo‘yicha talablar belgilangan.
Taxograf chip kartochkalari bu Yevropa talabiga ko‘ra, xalqaro avtomobil transporti yo‘nalishlarida yo‘lovchilar va yuklarni tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarning mehnat va dam olish jarayonlarini raqamli boshqaruv moslamalari orqali nazorat qiluvchi vositalardir.
Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va AQShdan «Swift Road Transport Academy» hamda «The Kasb xususiy bandlik agentligi» MChJga 2000 haydovchilik ishchi o‘rni uchun takliflar mavjud ekanligi diqqatga sazavor. Bundan ko‘rinib turibdiki, hamkorlikdagi dastur asosida minglab hamyurtlarimizning qonuniy va xavfsiz, yuqori daromadli ish bilan ta’minlashi kafolatlanadi. «Swift Road Transport Academy» MChJ rahbari Azizjon G‘aybullaevning ta’kidlashicha, Navoiy viloyatida yo‘lga qo‘yilgan o‘quv kursini muvaffaqiyatli tugatgan 19 nafar yurtdoshimiz Yevropa davlatlariga ishga jo‘natilgan.
Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





