Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun...
2025-08-02 13:10:00 / Yangiliklar

Tarixiy ahamiyatga ega bu ne’mat, ayniqsa, islohotlarimiz yangi bosqichga qadam qo‘yayotgan hozirgi sharoitda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Mustaqillik – eng ulug‘ ne’mat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda mudofaa vazirining o‘rinbosari, Mudofaa vazirligi Faxriylar, Jamoatchilik kengashi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri aktyorlari hamda shoir va yozuvchilar ishtirok etdilar.
Tadbir mehmonlarining mavzuga oid ma’ruzalari, she’rlari hamda sahna ko‘rinishlari, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida “Kitob olami” nashriyot matbaa uyi bilan hamkorlikda kitob yarmarkasi o‘tkazildi.
Bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda milliy g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Bunday ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar harbiy jamoada ijtimoiy birdamlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlaydi, shu bilan birga xalq va millat taqdiriga daxldorlik hissini yuksaltiradi. Shu yo‘sinda o‘tkaziladigan tadbirlar nafaqat harbiy xizmatchilarning ma’naviy qiyofasini shakllantirishda, balki milliy mudofaa tizimining ma’naviy poydevorini mustahkamlashda ham o‘ta muhim omil sifatida xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







