“Sazagan” dala o‘quv maydonida havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazildi
2025-08-01 09:15:00 / Yangiliklar

Yig‘in dastlab saf ko‘rigi bilan boshlandi. Bu jarayonda o‘quv maqsadi, asosiy vazifalari, kun tartibi hamda unga qo‘yilgan talablar harbiy xizmatchilarga batafsil yetkazildi. Harbiy-intizomiy ruhda kechgan ko‘rikda shaxsiy tarkibning yuqori ma’naviy va jismoniy tayyorgarligi namoyon bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar kunduzgi va tungi rejimda olib borildi. Kunduzgi bosqichda harbiy xizmatchilar shartli jangovar vaziyatlarda havo hujumidan samarali mudofaa harakatlarini amalga oshirishda yuqori mahorat namoyish etdilar. Ushbu jarayonda zenit qurilmalardan foydalanish, o‘q otish mashqlari va texnik tayyorgarlik darslari muhim ahamiyat kasb etdi.
Tungi jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari kechki va tungi sharoitlarda o‘zaro muvofiqlikda harakat qilish, harbiy bo‘linmalarni murakkab sharoitlarda boshqarish hamda o‘q otar qurollarni samarali qo‘llash ko‘nikmalarini mukammallashtirishga qaratildi. Bu bosqichda harbiylar murakkab vaziyatlarda aniq va qat’iy harakat qilish bo‘yicha amaliy mashqlarni yuqori darajada bajarishdi.
Yig‘in davomida harbiy xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik soatlar ham o‘tkazildi. Shaxsiy tarkib orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, mas’uliyat va harbiy majburiyatlarga sodiqlik borasida ma’naviy-ma’rifiy tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, harbiy xizmnatchilar uchun turli xil sport tadbirlari tashkil etilib, unda harbiylarning jismoniy tayyorgarligini yanada rivojlantirish, bo‘linmalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish va jamoaviy ruhni shakllantirishga e’tibor qaratildi.
Markaziy harbiy okrugdagi ushbu yig‘in nafaqat amaliy mashg‘ulotlarning samaradorligini oshirdi, balki harbiy xizmatchilarimizning jangovar ko‘nikma va malakalarini yangi bosqichga olib chiqdi. Har bir jangchining murakkab harbiy vaziyatlarda qat’iyat va mahorat bilan harakat qilish imkoniyati mustahkamlandi. Xususan, yig‘inning har bir kuni havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining jangovar layoqatini oshirish, zamonaviy urush sharoitlariga tayyorlash va jamoaviy harakatlarni samarali muvofiqlashtirishda muhim strategik ahamiyatga ega bo‘ldi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari doimo eng yuqori tayyorgarlik va jangovar ko‘nikmalarga ega bo‘lib, xalqimiz tinchligi hamda mamlakatimiz hududiy yaxlitligini himoya qilish yo‘lida yanada mustahkam poydevor yaratmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








