Vatan fidoyilari xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi
2025-07-25 19:15:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Markaziy harbiy okrug mas’ul ofitserlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya ostida tashkil etilgan insonparvarlik ruhidagi tadbir doirasida harbiy xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan jasoratli harbiy xizmatchi Sayyor Sadinov xonadonida bo‘lishdi.
Tashrif davomida harbiy okrug vakillari marhumning yaqinlari holidan xabar olib, ular bilan samimiy suhbatlashdi. Harbiy xizmatchining xizmat yo‘li, jasorati, yurt tinchligi yo‘lidagi fidoyiligi yodga olindi. Uning nomi yurt mudofaasida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlar qatorida mangu e’zozlanadi.
Shuningdek, qahramonimizning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilib, harbiy jamoatchilik nomidan chuqur hurmat va minnatdorlik bildirildi.
Harbiy xizmat burchini ado etayotgan har bir askar va ofitser uchun bunday uchrashuvlar muhim saboq, ibrat va ruhiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Chunki Vatan ozodligi — bu faqat ramziy tushuncha emas, balki har bir oila, har bir yurak va har bir fidoyi inson taqdiridir.
Sayyor Sadinov kabi jasur o‘g‘lonlarning hayoti — kelajak avlod uchun mardlik, fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir. Ularning xotirasi xalqimiz qalbida doimo barhayot bo‘lib qoladi. Mustaqillik — bu o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqi, bu tinchlik va barqarorlik, bu Vatan uchun jonini ayamagan fidoyilar ruhini ulug‘lashdir.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati




