Qurolli Kuchlar akademiyasida barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy davra suhbati bo‘lib o‘tdi
2025-07-25 19:10:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Barqaror rivojlanish markazi hamda Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha Markaziy kengashi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasining professor-o‘qituvchilari, kursantlari, faol harbiy xizmatchilar, faxriylar, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Davra suhbati doirasida mamlakat taraqqiyotining dolzarb masalalari, barqaror rivojlanishning ustuvor strategik yo‘nalishlari, shuningdek, harbiy ta’lim-tarbiya tizimining bu boradagi o‘rni keng muhokama qilindi.
Tadbirda taqdim etilgan asosiy ma’ruzalardan biri “Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda Barqaror rivojlanish markazi vakillari tomonidan BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan global barqaror rivojlanish maqsadlari bilan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, o‘zaro uyg‘unlik va amaliy muvofiqlik yuzasidan atroflicha tahliliy ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng davra suhbatining navbatdagi maruzasi o‘qib eshittirildi. Maruza “Qurolli Kuchlar harbiy ta’lim-tarbiya tizimining mamlakat barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi ahamiyati” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Mazkur chiqishda Mudofaa vazirining maslahatchisi, Faxriylar ishlari bo‘yicha Markaziy kengash raisi harbiy ta’limda ilg‘or yondashuvlar, zamonaviy texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya vositalari, psixologik va ma’naviy tayyorgarlik elementlari keng joriy etilayotgani, bu esa zamonaviy mutaxassislarni yetishtirishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, ishtirokchilar tadbir davomida Qurolli Kuchlar akademiyasining o‘quv jarayonlari, texnik infratuzilmasi, amaliy mashg‘ulotlari bilan bevosita tanishdilar. Kursantlarning jismoniy va psixologik tayyorgarlik darajasi, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida olib borilayotgan mashg‘ulotlar amaliy ko‘rgazmalar orqali namoyish etildi. Faxriylar o‘z hayotiy tajribalari va xizmat davomida orttirgan bilimlarini yosh kursantlar bilan o‘rtoqlashib, ularni vatanparvarlik, fidoyilik va halollik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muloqotlarda faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ilgari surilgan fikr va takliflar harbiy ta’lim tizimini keng jamoatchilik manfaatlari uchun yetuk mutaxassislar tayyorlovchi muhim mexanizmga aylantirish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Shu bois bugungi harbiy xizmatchilar faqatgina mamlakat mudofaasini ta’minlovchi kuch emas, balki barqaror taraqqiyot jarayonlarining bevosita ishtirokchilari sifatida ham e’tirof etilmoqda.
Qayd etish joizki, bu kabi davra suhbatlari, ma’ruzalar va ochiq muloqotlarni tizimli ravishda davom ettirish, jumladan, harbiy qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari va joylardagi harbiy garnizonlarda o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa nafaqat ma’lumot va tajriba almashish, balki harbiy xizmatchilarda milliy taraqqiyotga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




