Harbiy xizmatchilar va ularning oilasiga g‘amxo‘rlik — tinchlik va barqarorlik poydevori
2025-07-25 19:00:00 / Yangiliklar

Avvalo, harbiy xizmat — bu yuksak fidoyilik, mas’uliyat va sadoqatni talab etuvchi muqaddas burch. Ushbu burchni sidqidildan ado etayotgan harbiy xizmatchining orqasida sog‘lom va xotirjam oila turganida, u o‘z xizmat vazifalarini yanada ishonch va qat’iyat bilan bajaradi. Shu boisdan ham, yurtimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan sifatli tibbiy xizmatlar bu boradagi davlat e’tibori va g‘amxo‘rligini yaqqol ifodalaydi.
Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali bugungi kunda nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila a’zolari uchun ham ilg‘or tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan muhim muassasalardan biridir. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar, tajribali mutaxassislar jamoasi va yuqori malakali tibbiyot xodimlari faoliyati uyg‘unlashgan.
Yaqinda mazkur gospitalda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchisining oila a’zosini sog‘ligini tiklashga qaratilgan murakkab jarrohlik amaliyoti bunga yaqqol misoldir. Bemor yo‘g‘on ichak kasalligi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, shoshilinch jarrohlik amaliyoti zarur deb topildi. Aynan mana shunday holatlarda harbiy tibbiyot tizimining professionalligi va tezkorligi namoyon bo‘ladi.
Markaziy harbiy klinik gospitali va hamkor shifoxonalar jarrohlarining ishtirokida amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyoti bir necha soat davom etdi. Jarayon davomida bemorning zarar ko‘rgan ichak to‘qimalari olib tashlandi va sog‘lom qismlar funksional tarzda, zamonaviy texnologiyalar yordamida birlashtirildi.
Mazkur jarrohlik amaliyotida zamonaviy jarrohlik texnologiyalaridan foydalanilganligi natijasida operatsiya vaqti 30 daqiqaga qisqardi. Bu esa bemorning reabilitatsiya jarayonini bir necha barobarga tezlashtirishga imkon beradi. Bu holat, o‘z navbatida, harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlariga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yuksakligining amaliy dalilidir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz harbiy sohaga qaratayotgan e’tiborining markazida aynan inson salomatligi va ijtimoiy farovonligi turadi. Harbiy xizmatchilarimizning sog‘lom, irodali va xotirjam bo‘lishi ularning xizmatdagi samaradorligi va jangovar tayyorgarligi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Darhaqiqat, bugun harbiy xizmatchilarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan beqiyos e’tibor — bu nafaqat harbiy soha rivojining, balki sog‘lom jamiyatning muhim ko‘rsatkichidir. Harbiy xizmatchining oilasi davlat himoyasida bo‘lsa, u Vatan himoyasini yanada vijdonan, matonat bilan amalga oshiradi, albatta.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







