O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori raisligida muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi o‘tkazildi
2025-07-23 14:20:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralari rahbariyati hamda mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Unda 2025-yilning o‘tgan davrida Qurolli Kuchlar tizimida qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va harbiy xizmatchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni rahbarligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda harbiy xizmatchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash, ularning ijtimoiy himoyasi, oila a’zolarining salomatligini asrash hamda bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar keng yoritildi. Ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga tayyorlash yo‘nalishidagi tizimli ishlar e’tiborga molik bo‘ldi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimida energetika tejamkorligini ta’minlash, byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanish borasidagi amaliy ishlar yig‘ilish qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi. Bu boradagi ilg‘or tajriba va yechimlar faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Kengash ishtirokchilari tomonidan mavjud muammolarning yechimiga doir aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.








