Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor
2025-07-15 20:15:00 / Yangiliklar

Bugun, 15-iyul kuni mudofaa vaziri general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov yechimini kutayotgan turli masalalarni o‘rganish maqsadida harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari bilan uchrashdi. Qabul davomida 30 ga yaqin turli masalalarda murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati shu yerning o‘zida chuqur o‘rganilib, ijobiy hal etildi.
Xususan, Toshkent viloyatidan kelgan Lola Esonboevaning o‘g‘li Shahzod Eshpo‘latovni milliy armiyamiz saflariga qayta olish masalasidagi murojaati qanoatlantirildi. Shuningdek, Mudofaa tizimida turli lavozimlarda 30 yildan ortiq xizmat qilgan, ayni vaqtda nafaqadagi podpolkovnik Zoyir Yo‘ldashevning imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy olish masalasi hamda Buxoro viloyati Jondor tumanidan kelgan Jonibek Jo‘raevning 2004—2024-yillarda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilib, baxtsiz xodisa bois uyidagi yong‘inda vafot etgan akasi Otabek Jo‘rayevning uy-joyini qayta qurish va ushbu yong‘inda turli darajada kuyib tan jarohati olgan farzandlarini davolash bilan bog‘liq masala tegishli mas’ullar ishtirokida chuqur o‘rganildi.
Mudofaa vaziri ayni shu masalani alohida nazoratga olib, ikki kun muddat ichida yangi quriladigan uy loyihasini ishlab chiqish, zamon talablari asosida qayta bunyod etish, marhum Otabek Jo‘rayevning farzandlarini plastik jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan sog‘lom hayotga qaytarish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.
Mudofaa vaziri har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning qadr-qimmati turgani, yechimsiz masala bo‘lmasligi, vaqt talab etayotgan murojaatlarni imkon qadar tezroq hal etish lozimligini alohida ta’kidladi.
Leytenant Abror Toshmatov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti



