“Chaqmoq trening” harbiy-sport musobaqasi qishloq yoshlarini birdamlikka undadi
2025-07-14 10:25:00 / Yangiliklar

Ushbu tadbirlar doirasida vazirlik va idoralarga oromgohlarda dam olayotgan bolalar va mahallalarda o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan yoshlarni vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan muhabbat ruhida tarbiyalashga, sportga qiziqishlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilangandi.
Jumladan, Mudofaa vazirligi tomonidan ham mazkur vazifalarni yuqori darajada sifatli va uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, sa’y-harakatlar boshlab yuborildi.
Xususan, tashabbusning navbatdagi yorqin sahifasi Ohangaron tumanining Gulobod mahallasida joylashgan 2-sonli davlat umumta’lim maktabi mezbonlik qilgan “Chaqmoq trening” harbiy-sport musobaqalari qishloq yoshlarining bir davrada, bir maydonda o'zaro bellashuvlarga kirishishiga sabab bo'ldi.
Musobaqaning ochilish marosimida so'zga chiqqanlar bu kabi tadbirlarning o'tkazilishi yoshlar qalbiga Vatan tuyg‘usini yanada chuqur singdirish, ularni jasorat, matonat va birlik sari yetaklashga xizmat qilishini ta'kidlashdi. Shuningdek, ushbu musobaqani o'tkazishda yaqindan yordam bergan O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi hamda bir qancha tashkilotlarga minnatdorlik bildirildi.
“Chang‘ida harakatlanish”, “To‘siqlar yo‘lagidan o‘tish”, “Snaryadni xavfsiz joyga olib borish”, “Botqoqlikdan o‘tish” va “Merganlik mashqi” kabi shartlarni bajarish davomida bolalar kuch, g'ayrat, shijoat va irodalarini namoyish qilib bordi.
Bellashuvning har lahzasi hayajon, har daqiqasi quvonchga to‘la bo‘ldi. Har bir shart bolalarda chaqqonlik, jismoniy bardoshlilik, muvozanatni saqlash va tezkor fikrlash kabi muhim jihatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Musobaqa yakunida faxrli birinchi o'rinni "Lochinlar" jamoasi qo'lga kiritdi. G‘olib jamoalarga vazirlikning ko‘krak nishoni va sovg‘alari topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







