Harbiylar salomatligini asrash yoʻlida
2025-07-14 10:10:00 / Yangiliklar

Kasallikni vaqtida aniqlash va davolash choralarini koʻrish uchun zamonaviy tibbiyot apparatlarning oʻrni katta. Bu borada yangi-yangi tibbiy asbob-uskunalar kashf etilmoqdaki, bu dunyo boʻyicha yosharib borayotgan kasalliklarning oldini olish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali katta yangilanishlarga yuz tutgani haqida koʻp bora takidlaganmiz va bu jarayon davom etib kelyapti. Bugungi kunga kelib gospitalning davolash boʻlimlari soʻnggi rusumdagi tibbiyot apparatlari bilan taʼminlanmoqda.
Harbiy xizmatchilarimiz salomatligini asrashga qaratilgan ushbu yangilanishlar haqida boxabar qilish uchun harbiy shifoxonaning reabilitatsiya markazini faoliyati va unda yaratilayotgan sharoitlar hamda imkoniyat haqda so‘z yuritmoqchimiz.
Aytish lozimki, bugungi kunda tibbiy reabilitatsiya masalalari Qurolli Kuchlar tibbiyoti zimmasiga jiddiy vazifalar qoʻymoqda. Harbiy xizmatchilar gospitallarda davolanganidan soʻng, shikastlanish va kattayu kichik operatsiyalar natijasida buzilgan normal ruhiy holatlarni tiklash, inson tanasining fiziologik funksiyalari va jangovar qobiliyatini muntazam saqlash juda muhimdir.
Shu bois markazga keltirilgan soʻnggi rusumdagi apparatlarning barchasi bemorlar salomatligini tiklanishida katta ahamiyatga egadir. Zamon talabi asosida yaratilgan bu tibbiyot uskunalari yordamida qilingan muolajalar bemorlarning kasalliklardan tez xalos boʻlishiga zamin yaratadi. Bu apparatlarning foydali xususiyatiga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
Radial zarbal toʻlqinli terapiya apparati zamonaviy davolash usuli boʻlib, negizida akstik zarbali toʻlqinlar taʼsiri yotadi. Ogʻriqsiz, noinvaziv usul hisoblanadi, alohida tayyorgarlik talab etmaydi. Buning tanijasida bemorlarda ogʻriqlar, yalligʻlanishlar kamayadi, boʻgʻimlar harakati tiklanadi, regeneratsiya jarayonlari tezlashadi, mikrotsirkulyatsiya yaxshilanadi. Davolash ijobiy natija berishi uchun 4-10 muolaja yetarli hisoblanadi.
Galoterapiya apparati nomedikament davolash boʻlib, tuz parchalari yordamida mikroklimat tashkil etiladi. Bu muolajaning asosiy maqsadi – madalangan tuz parlari bilan bemorlarga nafas oldirib davolash, sogʻlom turmush tarziga qaytarish, immunitetni mustahkamlash. Tibbiyotda tuz bilan davolash yuqori nafas yoʻllari kasalliklari, oʻpkaning surunkali kasalliklari, turli xil allergik va teri kasalliklarida hamda nevralogiyada keng foydalaniladi.
Yuqori chastotali lazeroterapiya apparati muolajalaridan soʻng, bemorlarning immun tizimi aktivlashadi. Shuningdek, almashinuv jarayonlari kuchayadi, yalligʻlanishlar va ogʻriqlar kamayadi. Qon aylanish hamda qon uvuvchanligini stimullaydi.
Gidrokolenaterapiya apparati klizmoterapiya uskunasi hisoblanib, ichaklarning turli xil kasalliklarida ichaklarni yuvishda foydali. Bunda koʻp miqdorda suv yordamida maxsus uskunadan foydalaniladi.
Ikki chastotali “UZT 1.3.1F” ultratovush apparati esa spazmolitik, yalligʻlanishlarga qarshi hamda bakteriotsid taʼsiri yaxshi natija beradi, fidrozlarni kamaytiradi. Umuman olganda, ushbu zamonaviy tibbiy apparatlar bemorlar salomatligini oʻz vaqtida tiklanishida muhim ahamiyatga ega.
Darhaqiqat, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy gospitallarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar eʼtirofga sazovor. Xususan, Markaziy harbiy klinik gospitalda ham. Albatta bu islohotlarning barchasi Vatan himoyachilari salomatligini asrashda zalvorli oʻrin tutadi. Zero, ona zaminimizni har tomonlama sogʻlom va yetuk yigitlar himoya qiladi.
Zulfiya YUNUSOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiylar departamenti






