Qurolli Kuchlari akademiyasida xalqaro harbiy-ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-07-10 19:05:00 / Yangiliklar

Akademiyaning 107 yillik faoliyati munosabati bilan o‘tkazilgan nufuzli anjumanda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan va xorijdan tashrif buyurgan oliy harbiy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya — nafaqat ilmiy fikrlar almashinuvi, balki Markaziy Osiyoda harbiy hamkorlikning zamonaviy ko‘rinishini shakllantirish yo‘lidagi muhim muloqot maydoniga aylandi.
Bugungi harbiy ta’limning ildizlari — umumiy tarix, mushtarak tajriba va qadrli an’analar bilan chambarchas bog‘liq. Aynan shu nuqtai nazardan yondashilganda, konferensiya doirasida muhokama qilingan mavzular mintaqa davlatlarining harbiy siyosati va ta’lim strategiyasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga imkon berdi. Harbiy ta’limni modernizatsiya qilish, ilmiy-tadqiqotlar integratsiyasini kuchaytirish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish kabi muhim masalalar kun tartibida bo‘ldi.
Anjumanning diqqat markazida bo‘lgan ma’ruzalar bugungi zamonaviy xavfsizlik tahdidlari, texnologik taraqqiyotlar va ularning harbiy sohaga ta’siri bilan bog‘liq dolzarb mavzularni qamrab oldi. Konferensiya yakunida barcha ma’ruzachilar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Darhaqiqat, umumiy tarixiy meros va o‘zaro ishonch asosida qurilgan harbiy hamkorlik mintaqamizga tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot olib kelishda muhim vosita bo‘lib qoladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







