Bilim va malaka uyg‘unlashuvi
2025-07-10 12:30:00 / Yangiliklar

Serjantlar mashg‘ulotlarni dastlab, harbiy xizmatning kundalik faoliyatidagi qo‘l janggi mashqlari bajarish bilan boshlashdi. Undan so‘ng Jangovar sharoitlarda to‘g‘ri harakat qilish, qurol-aslaha bilan muomala, taktik yurish va himoyalanish kabi ko‘nikmalarni mustahkamlashdi.
Shuningdek, o‘quvlar davomida kichik bo‘linmalarni boshqarish, buyruqlarni aniq yetkazish, tezkor qaror qabul qilish va shaxsiy tarkib bilan samarali ishlash bo‘yicha nazariy bilimlar chuqurlashtirilib, jamoalarda sog‘lom ruhiy va axloqiy muhitni mustahkamlash bo‘yicha psixologik mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Aytish lozimki, bugungi O‘zbekiston armiyasi professional armiya sari dadil qadam tashlamoqda. Bu borada serjantlar – kichik komandirlar bo‘lib, ularning yetukligi, tashabbuskorligi va bilimdonligi armiyada harbiy tartib-intizom, jangovar shaylik va yuksak ma’naviyatni ta’minlashda asosiy ustun hisoblanadi.
Sazagan dala-o‘quv maydonida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilar har xil masofalarda aniq nishonga o‘q uzish, jangovar holatda quroldan to‘g‘ri foydalanish, yakka va guruh tarkibida o‘t ochish bo‘yicha malakalarini mustahkamlashdi.
Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlari ularning bilim va ko‘nikmalarini boyitibgina qolmay, balki ularni zamonaviy armiyaning yetakchi kuchiga aylantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati





