Olmaliqda “Vatanparvar” tashkiloti uchun yangi avtomobillar topshirildi
2025-07-08 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy va viloyat kengashlari rahbariyati, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, viloyat hokimligi, Mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, tadbir ishtirokchilari “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi tasarrufidagi Olmaliq avtomobil maktabida yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv xonalari, trenajyorlar, o‘quv avtodromi, tashkil etilgan o‘q otish, aviyamodel, kemamodel, karting va motosport bo‘yicha seksiyalari bilan yaqindan tanishdi. Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmali chiqishlar, jangovar harakatlar elementlarini o‘z ichiga olgan amaliy mashg‘ulotlar, yoshlarning katta qiziqishlariga sabab bo‘ldi.
Tadbir doirasida “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” – mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati yoshlar uchun katta ma’naviy va hayotiy saboq bo‘ldi. “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari tomonidan faoliyat tajribalari, kasbiy mahorat va hayotiy saboqlarga oid fikr – mulohazalar bilan o‘rtoqlashilishi yoshlarning ongiga ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Suhbat davomida yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Tadbir davomida, bugungi kunda transport sohasini rivojlantirish va yosh avlodni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalasiga alohida e’tibor berilayotganligi, “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘plab tashabbuslar ichida haydovchilikka o‘qitish kurslarini zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etayotganligi bois “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi tomonidan tasarrufdagi o‘quv muassasalariga zamonaviy 3 dona “Faton” rusumli yuk avtomobili, 15 dona “Onix” rusumli yengil avtomobili va 23 dona pnevmatik sport qurollari tantanali topshirildi.
Endilikda ushbu yangi zamonaviy avtomobillardan o‘quv muassasalarining avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida “B” va “S” toifalari bo‘yicha tahsil olayotgan fuqarolar amaliy mashg‘ulotlarda foydalanadilar.
Ta’kidlash joizki o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yoshlar orasida vatan himoyasiga bo‘lgan ijobiy qarashlarini mustahkamladi. Tadbir nafaqat vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishga, balki yosh avlodni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga ham xizmat qildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati






