“Dolzarb 90 kunlik” doirasida “Chaqmoq trening” harbiy-sport musobaqalari o‘tkazildi
2025-07-05 15:10:00 / Yangiliklar
Joriy yil yoz mavsumida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kunlik” doirasida Mudofaa vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Gʻala quduq” mahallasi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va harbiy sohaga qiziqishlarini oshirish maqsadida “Chaqmoq trening” harbiy-sport musobaqasi tashkil etildi.

Unda mahalladagi bolalar hamjihatlik, g‘ayrat, shijoat va quvnoqlik, katta qiziqish bilan “Chang‘ida harakatlanish”, “To‘siqlar yo‘lagidan o‘tish”, “Botqoqlikdan o‘tish” va “Merganlik mashqi” kabi shartlar bo‘yicha kuch sinashdilar.
Mazkur tadbir doirasida yoshlarlarini harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan qoʻl jangi, harbiy orkestr, faxriy qorovul vzvodi va xizmat itlarining koʻrgazmali chiqishlari ham namoyish etildi.
Yakunda gʻolib jamoalarga vazirlikning “Kelajak posbonlari” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







