Inson salomatligiga g‘amxo‘rlik — ezgulik mezoni
2025-07-03 15:20:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida harbiy shifokorlar tomonidan yurak-qon tomir, endokrin, oftalmologik, nafas olish yo‘llari, tayanch-harakat tizimi va boshqa kasalliklar bo‘yicha tibbiy maslahatlar berildi. Fuqarolarning qon bosimi, yurak urishi, umumiy sog‘lomlik holati o‘rganildi. Tibbiy ko‘rik davomida ba’zi holatlarda kasalliklarning dastlabki belgilari aniqlanib, o‘z vaqtida chora ko‘rish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Zamonaviy diagnostika vositalari yordamida surunkali va profilaktik kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida laboratoriya va diagnostik apparat yordamida tekshiruvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlardan tashqari, aholiga sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va ruhiy barqarorlikni saqlash borasida ham keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Turli kasalliklarning oldini olishda hayot tarzining tutgan o‘rni, zararli odatlardan voz kechishning sog‘liqqa ta’siri haqida tushuntirildi.
Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda esa giyohvandlik, alkogolizm, chekish kabi illatlarning zararli oqibatlari chuqur muhokama qilinib, ularni sog‘lom va maqsadli hayot sari yo‘naltirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






