Kuch tuzilmalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi o‘tkazildi
2025-07-03 09:00:00 / Yangiliklar

Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish, harbiy qism va muassasalardagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z ijodiy va intellektual salohiyatlarini yanada oshirish, shuningdek harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida o‘tkazilgan intellektual o‘yin O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Nurafshon shahar bo‘linmasi hamkorligida tashkil etildi.
Bellashuv mobaynida Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar, Bojxona, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa kuch tuzilmalari qoshidagi harbiy qism va muassasalardan tuzilgan 10 ta kuchli jamoa ishtirok etdi. Ular murakkab, mantiqiy va ilmiy mazmunga ega savollarga javob berish jarayonida tezkor tafakkur va teran bilim darajalarini namoyish etdilar.
Bahs-munozaralarga boy o‘tgan musobaqa davomida qatnashchilar tarix, adabiyot, fan, zamonaviy texnologiyalar hamda yurtimizdagi islohotlarga oid savollar orqali o‘z bilimlarini amalda sinovdan o‘tkazdilar.
Qiziqarli musobaqaning yakuniy natijalari quyidagicha bo‘ldi:
1-o‘rin — “Millat umidi” jamoasi (Mudofaa vazirligi TOQQQ);
2-o‘rin — “Yosh bojxonachilar” jamoasi (Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi);
3-o‘rin — “Adolat” jamoasi (Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi).
G‘olib jamoalarga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. “Millat umidi” jamoasiga esa navbatdagi — Respublika bosqichida Toshkent viloyati sha’nini himoya qilishdek sharafli vazifa ishonib topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








