Yoshlar kuni munosabati bilan harbiy qismda "Ochiq eshiklar kuni" o‘tkazildi
2025-06-30 17:35:00 / Yangiliklar

Bu sana — shunchaki bayram emas. U — yoshlarga bo‘lgan ishonch, ularga bildirilayotgan yuksak hurmat va e’tirof, shu bilan birga, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlovchi, fidoyilikka da’vat qiluvchi muhim kun. Aynan shu kun munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab turli ma’naviy-ma’rifiy, sport va vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar tashkil etilayotgani ham bejiz emas.
Shu munosabat bilan, Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida yoshlar uchun navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Tadbir doirasida o‘quvchi-yoshlar, talaba va mahalla faollari harbiy hayotga yaqinroq nazar tashlash imkoniga ega bo‘lishdi.
Tadbir ishtirokchilari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy o‘quv-trenajyor majmualari, jangovar texnikalar, qurol-aslaha va mashg‘ulot maydonlari bilan yaqindan tanishishdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmali chiqishlar, jangovar harakatlar elementlarini o‘z ichiga olgan amaliy mashg‘ulotlar, yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Harbiy intizom, sadoqat va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha namoyish etilgan mashqlar yoshlarda kuchli taassurot uyg‘otdi.
Tadbir davomida harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, faxriy qorovul va maxsus taktik ko‘rgazmalar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarning qalbida Vatanga sadoqat, fuqarolik mas’uliyati va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Tadbir doirasida “Men Vatan himoyasiga tayyorman!”, “Vatanparvarlik — buyuk fazilat”, “Kelajak egasi — intellektual yoshlar” mavzularida o‘tkazilgan davra suhbatlari yoshlar uchun katta ma’naviy va hayotiy saboq bo‘ldi. Harbiylar tomonidan o‘z xizmat tajribalari, kasbiy mahorat va hayotiy saboqlarga oid fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashilishi yoshlarning ongida ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Suhbatlar davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, harbiy xizmat borasidagi bilimlarini boyitishdi.
Ta’kidlash joizki, o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri yoshlar orasida harbiy xizmatga bo‘lgan ijobiy qarashlarni mustahkamladi. Tadbir nafaqat vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishga, balki intellektual salohiyatni yuzaga chiqarishga ham xizmat qildi.
Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








