“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichi o‘tkazildi
2025-06-30 12:05:00 / Yangiliklar

Bellashuvning final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar yoshdan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta bosqichdan iborat sinovlarda o‘zaro kuch sinashdi.
Dastavval “Harbiy-vatanparvarlik" bosqichida jamoa a’zolarining O‘zbekiston tarixiga doir bilimlari tekshirilgan bo‘lsa, “Harbiy-amaliy ko‘pkurash” va “Sport” bosqichlaridagi bellashuvlar qizg‘in bahslarga boy tarzda kechdi. “Harbiy-amaliy ko‘pkurash” bochqichida jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdi.
Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish hamda gaz niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardi.
“Sport” bosqichida duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar.
“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari davomida yoshlarning g‘alabaga kuchli intilishlari, shijoatlari va harbiylikka bo‘lgan qiziqishlari yaqqol sezilib turdi. Musobaqadan maqsad yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqa qadar yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishga qaratildi.
Do‘stona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichida Andijon viloyati Marhamat tumani 2-son kasb-hunar maktabi jamoasining qo‘li baland kelib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisining kubogini qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin Toshkent viloyati, 3-o‘rin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi.
Harbiy-sport o‘yinlarining tantanali yopilish marosimida g‘oliblar va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar a’zolari “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Eng e’tiborli jihati, mazkur o‘yinlar doirasidagi turli musobaqalarda yuqori natijalarni ko‘rsatgan yigit va qizlar sport razryadlariga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik – oliy maqsadimiz!” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratdi.
Yana bir muhim ma’lumot: “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining bayrog‘i va emblemasi yaratilgan bo‘lib, asosiy ramzi sifatida shunqor qushi tanlangan. Bu bejiz emas, chunki shunqor lochinsimonlar oilasiga mansub kuchli, abjir qush hisoblanadi va u ko‘chma ma’noda mard, jasoratli, kuchli shaxsga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









