Termizda “Serjantlar forumi” bo‘lib o‘tdi
2025-06-30 10:50:00 / Yangiliklar

Forumda Termiz, Kakaydi va Xayraobod garnizonlarida faoliyat olib borayotgan bosh serjantlar, bosh serjant yordamchilari, vzvod serjantlari va yo‘riqchi-serjantlar ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida joriy etilgan serjantlar institutini takomillashtirish, kichik bo‘linmalarda boshqaruvni samarali tashkil etish, harbiy jamoalarda intizom, ma’naviy-axloqiy muhit va ruhiy barqarorlikni mustahkamlash kabi dolzarb masalalarni chuqur muhokama qilishga yo‘naltirildi.
Forum davomida qo‘mondonlik shtab serjantlari o‘z xizmat faoliyati yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi. Jumladan, bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini oshirish, kontrakt asosida harbiy xizmatga kelgan yosh kadrlarning harbiy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga ko‘maklashish, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar taqdim etildi.
Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish orqali serjantlik institutining harbiy bo‘linmalar hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor chuqur anglab yetdilar. Shaxsiy tarkib bilan ishlash, boshqaruv malakasini mustahkamlash, xizmat intizomini kuchaytirish va harbiy jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Forumda serjantlarning harbiy-ma’naviy tayyorgarligini oshirish, harbiy jamoalarda sog‘lom axloqiy muhitni yaratish va shaxsiy tarkib orasida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida chuqur tahlillar berildi. Jangovar va psixologik mashg‘ulotlarning ahamiyati, o‘quv mashg‘ulotlariga sifatli tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni samarali o‘tkazish metodikasi xususida atroflicha ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir davomida serjantlar korpusining roli nafaqat harbiy bo‘linmalar boshqaruvida, balki yosh harbiy xizmatchilarni ruhiy va ma’naviy tarbiyalashda ham beqiyos ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







