Matbuot fidoyilari — axborot frontining qahramonlari
2025-06-27 18:35:00 / Yangiliklar

Mudofaa vazirligi ma’naviyat va madaniyat markazida ham soha vakillari uchun tashkil etilgan tadbirda yurt himoyachilarining axborot maydonidagi fidoyiligi yana bir bor e’tirof etildi.
Tadbirda mudofaa vazirining o‘rinbosari, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Ma’naviyat va madaniyat departamenti, vazirlik tasarrufidagi qo‘mondonlik rahbariyati hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimlari ishtirok etdi.
Davlat madhiyasi sadolari ostida tantanali tarzda boshlangan marosimda dastlab mudofaa vazirining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikda harbiy jurnalistlarning mehnati, axborot frontidagi qahramonlik sifatida e’tirof etildi. Ularning qalami, mikrofoni, fotoapparati va ijodiy tafakkuri — bu maydonning eng ishonchli qurollaridan biri ekani ta’kidlandi.
Mudofaa vazirining o‘rinbosari o‘z nutqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti faoliyatiga to‘xtalarkan, so‘nggi yillarda harbiy axborot sohasida erishilgan yutuqlarni sanab o‘tdi. Jumladan, ikki yil ichida 20 ga yaqin tele-radio loyihalar ishlab chiqilgan, 4 000 dan ortiq materiallar mamlakatimizning markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalarida chop etildi. Har kuni o‘rtacha 25 dan ziyod axborot mahsuloti jamoatchilik e’tiboriga havola etilib, bu orqali Qurolli Kuchlar hayoti, ularning faoliyati va sa’y-harakatlari keng yoritib kelinayotgani alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng, mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan bir guruh harbiy jurnalistlar, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Darhaqiqat, bugun axborot maydoni — bu ham zamonaviy kurash maydonidir. Uning ilg‘or jangchilari esa — harbiy jurnalistlar. Ular nafaqat xabar beradi, balki tinchlikni targ‘ib qiladi, yurt tinchligini asrashda axboriy qalqon vazifasini o‘taydi. Shubhasiz, bunday e’tibor va rag‘bat ularning safdagi har bir qadamini yanada dadil, ijodini esa yanada samarali qiladi.
Tadbirning badiiy qismi esa barchaga unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli ijrochilari tomonidan kuy-qo‘shiqlar, Vatanni madh etuvchi taronalar yangradi. Har bir kuyda, har bir so‘zda yurtga bo‘lgan sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ulari aks etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









