Qo‘mondonlikda “Yosh harbiylar forumi” o‘tkazildi
2025-06-27 14:50:00 / Yangiliklar

Forum doirasida yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilinib, erishilgan yutuqlar, yuzaga chiqqan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir nafaqat sarhisob shaklida, balki kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishga qaratilgan muloqot maydoniga aylandi.
Forumni ochib bergan qo‘shinlar qo‘mondoni yosh harbiy xizmatchilarni samimiy tabriklab, ularni yuksak maqsadlar sari ilhomlantirdi. U o‘z nutqida bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ularning harbiy sohada o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida qo‘mondonlik yoshlar yetakchisining ma’ruzasi tinglanib, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan tashabbuslar, yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi. Shuningdek, istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Forum doirasida xalqaro musobaqa va bellashuvlarda yurt sha’nini munosib himoya qilgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan bir guruh yosh harbiy xizmatchilar qo‘shinlar qo‘mondonining buyrug‘iga asosan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirning badiiy qismida esa qo‘mondonlik harbiy orkestr jamoasi va estrada xonandalarining Vatanga muhabbat, sadoqat va jasoratni kuylovchi chiqishlari ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Harbiy orkestrning jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari, madhiyaviy taronalar qalblarda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








