“Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining yakuniy final bosqichiga start berildi
2025-06-26 13:00:00 / Yangiliklar

Musobaqa yosh avlod orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy sohaga qiziqishini oshirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Mahallalar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Sport vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.
Bugun musobaqaning final bosqichiga rasmiy tarzda start berildi. Mudofaa vazirligi Ma'naviyat va madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Mudofaa vazirining o‘rinbosari so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga samimiy tilaklar bildirdi. Shuningdek, yoshlar qalbidagi Vatanga sadoqat, kuch va jasorat bugunning emas, balki ertangi kunning ishonchli himoyachilarini tarbiyalashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gul qo‘yish marosimida qatnashdilar. Shuningdek, ular “Shon-sharaf” davlat muzeyiga tashrif buyurib, o‘z yurtining mard o‘g‘lonlari va shonli tarixini chuqurroq o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqa bir necha saralash bosqichlarida o‘tkazilib, har bir bosqichda ishtirokchilar o‘zlarining aqliy salohiyati, ruhiy bardoshliligi va jismoniy tayyorgarligini namoyish etishdi. Final bosqichigacha 18-22 yosh oralig‘idagi yoshlardan tashkil topgan 14 jamoa saralab olindi. Yakuniy bosqich bellashuvlari 7 ta shart asosida o‘tkazilib, har bir shart qatnashchilarning intizomi, jamoaviy ishlash ko‘nikmalari va murakkab vaziyatda qaror qabul qilish qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi.
Ma’lumot o‘rnida, musobaqaning yakuniy bellashuvlari Qurolli Kuchlar akademiyasining Chirchiq shahrida joylashgan o‘quv bazasida o‘tkaziladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







