“Aybin” XI xalqaro harbiy-vatanparvarlik yig‘inining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2025-06-25 19:45:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, mazkur yig‘in mintaqadagi yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda harbiy-amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari vakillari hamda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan yoshlar ishtirok etdi. Marosimni rasmiy ochib bergan Prezident To‘qayev o‘z nutqida harbiy-vatanparvarlik yig‘inining yosh avlod ruhini mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Yig‘inga Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Belarus hamda Qirg‘iziston davlatlaridan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 800 ga yaqin ishtirokchi jalb etilgan. Ular 46 ta jamoaga bo‘lingan holda o‘zaro bellashish orqali do‘stona raqobat muhitida bilim, kuch va mahoratlarini sinovdan o‘tkazishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, yoshlar yig‘ini doirasida turli bosqichlarda o‘zlarining jismoniy, intellektual va ma’naviy bilimlarini sinovdan o‘tkazishadi. Xususan, “Aybin sovg‘asi” intellektual o‘yini, “Bilimdon askar” robototexnika bellashuvi, pnevmatik miltiqdan o‘q otish, avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish kabi sinovlarda ishtirokchilarning harbiy-amaliy ko‘nikmalar baholanadi.
Bundan tashqari, turli sport musobaqalari, jamoaviy harbiy-taktik o‘yinlar – xususan, “Kuchimiz birdamlikda” nomli mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilar jismoniy chiniqish, sog‘lom fikrlash va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etishadi.
Yig‘in davomida ishtirokchilar uchun harbiy ruhdagi madaniy tadbirlar ham tashkil etiladi. Ulardan eng e’tiborlisi — olov atrofidagi kechalar, unda yoshlar Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar ijro etadi, milliy qadriyatlar aks etgan dasturlar namoyish etiladi.
Kichik serjant Sanjar To‘ychiyev
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









