Jurnalistlar harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati bilan tanishdi
2025-06-24 20:25:00 / Yangiliklar

Mazkur press-tur mamlakatimizning mudofaa siyosati yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, qo‘shinlarni isloh qilish va rivojlantirish jarayonida erishilayotgan yutuqlar bilan media vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida jurnalistlar harbiy qismda yurt himoyachilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ularning kundalik faoliyati bilan bevosita tanishdi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tashabbusi bilan milliy armiyamizda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar shaxsiy tarkibning jangovar shayligini oshirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun munosib ijtimoiy-moddiy sharoitlar yaratish, shuningdek, harbiy kadrlarning professionallik darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Aynan ushbu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, Farg‘ona garnizonidagi mazkur harbiy qism o‘tkan o‘quv yili yakunida Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari miqyosida “Eng ilg‘or harbiy qism” deb topildi.
Press-tur davomida saha vakillariga harbiy qismda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilarda qurol-aslahalar ko‘rgazmasi katta qiziqish uyg‘otdi. Unda zamonaviy jangovar qurollar, himoya vositalari va harbiy texnikalar namoyish etildi.
Shuningdek, jurnalistlar ponoramali o‘q otish majmuasida o‘zlarini mahoratini sinash bilan birga, tashkil etilgan sport musobaqalarida faol ishtirok etishdi.
Tadbir yakunida esa harbiy orkestr jamoasining chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Vatan, jasorat va fidoyilik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, jonli ijrodagi kompozitsiyalar ommaviy axborot vositalari xodimlarida katta taasurot qoldirdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








