“Chaqiriluvchilar kuni” — harbiy xizmatga birinchi qadam!
2025-06-23 15:30:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir Qurolli Kuchlari tizimida yoshlar o‘rtasida yurtga sadoqat, burch va mas’uliyat hissini mustahkamlash, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni ma’naviy-psixologik jihatdan tayyorlashga xizmat qiluvchi samarali platformaga aylandi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Qurolli Kuchlar tuzilmasi, harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, zamonaviy texnik jihozlar, ilg‘or qurollar va harbiy texnikalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yoshlar harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlarini kuzatish, ularning hayot tarzi bilan yaqindan tanishish hamda yuzma-yuz muloqot qilish orqali real taassurotga ega bo‘lishdi.
Mazkur tadbir doirasida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy chiqishlar, harbiy orkestr ijrosidagi jo‘shqin kuy-navolari, badiiy jamoalarning vatanparvarlik ruhidagi sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarning qalbiga milliy g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini chuqur singdirdi. Shuningdek, harbiy sport musobaqalari, tematik ko‘rgazmalar va savol-javob shaklidagi ochiq muloqotlar orqali yoshlarning bilim doirasi kengaytirildi, harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortdi.
Darhaqiqat, “Chaqiriluvchilar kuni” nafaqat yoshlarning Vatanga muhabbatini oshirish bilan birga ularni yurt himoyasiga doimiy tayyor bo‘lish, fuqarolik burchiga mas’uliyat bilan yondashishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ishtirokchilarning ko‘zlarida porlagan ishonch, qalblaridagi g‘urur va ezgu niyatlar bu kabi tadbirlarning nechog‘lik ta’sirchan va zaruriy ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







