“Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining yakuniy bosqich ishtirokchilari aniqlandi
2025-06-19 16:50:00 / Yangiliklar

Sharqiy harbiy okrug Andijon garnizonidagi harbiy qismda o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa va Sport vazirliklari hamkorligida 18-22 yosh toifasidagi yoshlar ishtirok etdi.
Musobaqa doirasida turnikda tortilish, orqa bilan yotgan holatda tanani ko‘tarish, o‘quv qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, uzoq va qisqa masofalarga yugurish, AK-74 avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish hamda merganlik bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, Marhamat tumani “Alitepa” mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Asaka tumani “Qo‘ng‘irot” mahallasi, uchinchi o‘rin esa Andijon tumani “Cho‘ngbog‘ich” mahallasi jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, musobaqa davomida faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar ham alohida nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi:
- Eng kuchli sportchi — Qodirov Saydullo (Izboskan tumani);
- Eng chaqqon o‘smir — Ne’matullayev Ubaydullo (Andijon shahar);
- Eng chaqqon qiz — Egamberdiyeva Gulbahor (Bo‘ston tumani);.
- Eng yaxshi qurolsoz — Ne’matjonov Saidjon (Qo‘rg‘ontepa tumani).
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida ham “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda saralangan jamoalar 6 asosiy shart bo‘yicha bahslarga kirishib, yuqori sport va harbiy tayyorgarlik darajasini namoyish etdilar. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida Mirzaobod tumani jamoasi birinchi o‘rinni egallab, navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi.
Musobaqa yakunida barcha g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, shu bilan birga “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichlari o‘z yakuniga yetdi. Endi esa ushbu bosqichda g‘olib bo‘lgan jamoalar joriy yilning 26-28-iyun kunlari o‘tkaziladigan musobaqaning yakuniy ya’ni respublika bosqichida bellashadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








