Harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun metodik-psixologik treninglar o‘tkazildi
2025-06-18 14:15:00 / Yangiliklar

Tadbir Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi harbiy qismlar vakillari — tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha ofitserlar, harbiy psixologlar, harbiy xizmatchi ayollar, shuningdek, harbiy oilalar bilan ishlash yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Treninglarga yuqori malakali mutaxassis — falsafa fanlari doktori, professor, xalqaro toifadagi psixologiya bo‘yicha ekspert Jamila Shermuhammedova jalb etildi. U tomonidan zamonaviy psixologik yondashuvlar, oilaviy nizolarni boshqarish va ularning oldini olish, shaxsiy o‘sish hamda ijtimoiy rollarning uyg‘unligini ta’minlash borasida chuqur tahlil va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbirning dastlabki kunida ishtirokchilar harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun tashkil etilgan madaniyat va sport to‘garaklari faoliyati bilan tanishdilar. Unda hududiy hokimlik bilan hamkorlikda olib borilayotgan ijtimoiy loyihalar, yosh avlod tarbiyasiga oid tashabbuslar namoyish etildi.
Treningning amaliy qismida ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘linib, bir nechta dolzarb mavzularda mashg‘ulotlarda qatnashdilar. “Men kimman?” treningida shaxsiy identifikatsiya va o‘z-o‘zini anglashga doir psixologik texnikalar qo‘llanildi. “Oilalarda nizolarni oldini olish” mashg‘ulotida esa muammoli vaziyatlarni hal etish bo‘yicha murosaviy yondashuvlar muhokama qilindi. “Oilaning ma’naviy qiyofasi” mavzusida qadriyatlar tizimi va axloqiy tamoyillar tahlil qilindi. “Oilada rollar birligi” mashg‘uloti orqali esa ishtirokchilar o‘zaro mas’uliyat va rollarning muvozanatli taqsimoti haqida amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Kun yakunida tog‘ yonbag‘rida mobil madaniyat markazi orqali harbiy orkestr ijrosida Vatanga muhabbat, fidoyilik va sadoqat ruhida kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, madaniy hordiq tashkil etildi.
Tadbirning ikkinchi kuni harbiy qism madaniyat markazida davom ettirildi. Unda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan samimiy davra suhbatlari, shuningdek, ruhiy-psixologik salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan treninglar tashkil etildi. So‘zga chiqqan mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Ushbu ikki kunlik metodik-psixologik treninglar Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilar va ularning oilalari bilan ishlash bo‘yicha olib borayotgan siyosatining uzviy davomidir. Tadbir ishtirokchilarda chuqur ijtimoiy-psixologik bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, amaliyotda qo‘llashga tayyor malakali kadrlar safini kengaytirish, eng asosiysi — harbiy oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirishga xizmat qildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








