Vatan himoyachilari tog‘ qoyalarida ham saf tortgan
2025-06-17 15:10:00 / Yangiliklar

Dastlab harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlar uchun kerakli bo‘lgan anjomlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, tog‘ tayyorgarlik anjomlari, yo‘lxaltalari hamda qurol-aslahalar ko‘rigdan o‘tkazilgach, tik qoyalar sari yo‘lga chiqildi.
Markazdan chamasi 5 kilometr uzoqlikgacha tekis va noteks yo‘llar orqali marsh yurishdan so‘ng tik qoyalar boshlandi. Ko‘zlaridan o‘t chaqnab, birozdan so‘ng dushmanga hamla qilishga tayyor turgan alp og‘lonlar guruhlarga bo‘linib, qoyalarni bo‘ysindirishga kirishdi.
Qoyalar uzra saf tortib chiqayotgan harbiy xizmatchilarning navbatdagi manzili daraning narigi tomoni bo‘ldi. Yigitlar arqon yordamida daraning ikkinchi tomoniga o‘tish vazifasini bajarish chog‘ida ham atrof-muhitning mudofaasi mustahkamlab borildi.
Dengiz sathidan qariyb 3 000 metr balandlikga ko‘tarilgan mutaxassislar so‘ngra tik qoyalardan juft-juft bo‘lib pastga tushushni amalga oshirishdi. Bir qarasda osondek, biroq birgina xato tufayli jarlik o‘z domiga tortishi mumkin edi. Bu borada harbiy xizmatchilarimiz hech ikkilanmay, mahoratlarini matonat sohiblarining ko‘magida belgilangan vazifani tez va aniq bajarib, navbatdagi mashg‘ulotlarning nazariy jihatlarini o‘rganishga kirishdi.
Kapitan Shoxrux Saidov
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







