Uchta hududda “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalarining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi
2025-06-16 15:40:00 / Yangiliklar

Xususan, Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Sport vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari yoshlarning harbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirish, eng asosiysi, yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda samarali omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Musobaqaning Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda o‘tkazilgan Farg‘ona viloyat bosqichida 18-22 yosh toifasidagi, tuman va mahalla bosqichlaridan saralangan jamoalar bellashdi. Ishtirokchilar turnikda tortilish, orqada yotgan holda tanani ko‘tarish, qo‘l granatasini uzoqlikka uloqtirish, qisqa va uzoq masofaga yugurish, AK-74 avtomatini qismlarga ajratib-yig‘ish, saf tortish hamda merganlik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z kuch va mahoratlarini namoyon etdilar. Natijalarga ko‘ra, Furqat tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, musobaqaning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan bosqich ham yuksak saviyada, ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Unda barcha tuman va shaharlardan saralangan 17 ta jamoa o‘zaro bahs olib bordi. Ishtirokchilar saf tortish, jismoniy tayyorgarlik, qurolni qismlarga ajratib-yig‘ish kabi bir qator shartlar asosida bellashib, yuqori natijalarni qayd etdilar. Yakunda musobaqa g‘olibi bo‘lgan jamoa Qoraqalpog‘iston Respublikasining faxrini respublika bosqichida himoya qilish huquqini oldi.
Musobaqaning Surxondaryo viloyat bosqichi ham o‘ziga xos shiddat bilan o‘tdi. Unda saralangan 15 jamoa 6 asosiy shart bo‘yicha bahslarga kirishib, yuqori sport va harbiy tayyorgarlik darajasini namoyish etdilar. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida Sariosiyo tumani jamoasi birinchi o‘rinni egallab, navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi.
Musobaqa yakunida barcha g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









