“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda
2025-06-13 17:00:00 / Yangiliklar

Mazkur loyihani amalga oshirish yuzasidan vazirlik va idoralarga oromgohlarda dam olayotgan bolalar hamda mahallalardagi 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlarda Vatanga sadoqat, yuksak vatanparvarlik ruhini shakllantirish, sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan turli tadbirlarni tashkil etish vazifalari yuklatilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi garnizonlarda joylashgan harbiy qismlarda mazkur vazifalarni yuqori saviyada, sifatli va uyushqoqlik bilan amalga oshirish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayraobod garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida qator ma’naviy-ma’rifiy, sport va psixologik tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, turli sport musobaqalari, “Harbiy qismda bir kun” loyihasi asosida ekskursiyalar, psixologik treninglar, madaniy hordiq uchun konsert dasturlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi bilan hamkorlikda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida umumta’lim maktablarida “Kasb markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu markazlar o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, o‘quvchi yoshlar uchun amaliy mashg‘ulotlar, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan darslar muntazam olib borilmoqda.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida “Vatanparvar” tashkiloti bilan hamkorlikda o‘quvchi yoshlar uchun o‘q otish sporti bo‘yicha bepul to‘garaklar tashkil etildi. Mazkur to‘garaklarga hozirda mahallalarda yashovchi yoshlar katta qiziqish bilan qatnashmoqda.
Yuqorida qayd etilgan tadbirlarda faol ishtirok etgan bir guruh yoshlar harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan faxriy diplomlar, tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa yoshlarimizni yanada faol, tashabbuskor va Vatanga sadoqatli bo‘lib voyaga yetishida muhim omil bo‘lmoqda.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan mazkur ishlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularni barkamol avlod etib tarbiyalash, milliy qadriyatlar va vatanparvarlik g‘oyalariga sodiq bo‘lish ruhida shakllantirishga xizmat qilmoqda.









