Jaloliddin Manguberdi harbiy-akademik litseyining ilk qaldirg‘ochlari katta hayotga kuzatildi
2025-06-13 14:10:00 / Yangiliklar

Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasida oʻtgan tantanada Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, Xorazm viloyati hokimligi rahbariyati, nuroniylar, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, oʻquvchilar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so'z olganlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, shu maqsadda 2023-yil 12-iyun sanasida Prezidentimizning “Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini ta’kidlab o‘tildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu qarorga muvofiq yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual salohiyati va jismoniy tayyorgarligini yanada rivojlantirish maqsadida Urganch shahridagi Xalq so‘zi ko‘chasida zamonaviy loyiha asosida 300 o‘rinli harbiy-akademik lisey barpo etilgan edi.
Taʼlim muassasasi 2023-2024 oʻquv yilidan faoliyat boshlagan. 300 oʻrinli zamonaviy binoda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ular bu yerda aniq fanlar yoʻnalishida ikki yil taʼlim oladi.
Oʻquv xonalari eng soʻnggi rusumdagi multimedia va kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Litsey axborot-resurs markazida 7 mingdan ortiq oʻquv va badiiy kitoblar, 11 mingdan ortiq elektron adabiyotlar bor. U viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tarmogʻiga ulangan.
Shuningdek, bu yerda Jaloliddin Manguberdi muzeyi, yopiq turdagi sport zal hamda ochiq maydondagi sport shaharchasi, saf maydoni, oshxona va yotoqxona mavjud. Oʻquvchilar darsdan tashqari oʻndan ortiq fan, axborot texnologiyalari, ijodiy toʻgaraklar hamda sport mashgʻulotlarida ishtirok etadi. Bepul kiyim-kechak, toʻrt mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi.
Mazkur ta’lim muassasasini tamomlagan bitiruvchilarga mamlakatdagi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda o‘zlari to‘plagan ballning 30 foizi miqdorida, boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa 15 foizli miqdordagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyozlar belgilangan.
Ta'kidlash joizki ushbu dargohda ta’lim olgan yoshlar uchun bu katta imkoniyat. Shu bilan birga ilik qaldirg‘ochlar yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanib, ortda qolgan yillar davomida 397 ta milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lgan kiritishdi.
Marosimda ham aynan o‘tkan davr mobaynida o‘quvchilarning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari, innovatsion ishlanmalari tahsinga sazovor ekanligi aytilib, kelgusida ham Vatanimiz, tinchiligiy-u ravnaqi yo‘lida bor kuch g‘ayratini safarbar etishlarini tilashdi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Leytenant Sayyodbek Qurbonov
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









