“Genderga oid audit: tamoyillar va o‘tkazish tartibi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi
2025-06-12 19:10:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori bilan tasdiqlangan “2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ni 2025-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturining 63-bandi ijrosi doirasida o‘tkazildi. Unda vazirlik va idoralarda gender auditini samarali tashkil etish, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatga bo‘lgan manfaatdorlikni yanada oshirish maqsad qilingan.
Videoselektr shaklida o‘tkazilgan seminarda gender tenglik sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, amaldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar, shuningdek, gender tenglikni ta’minlashda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga gender auditi tushunchasi, uning tamoyillari, o‘tkazilish tartibi, auditni samarali amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, seminar doirasida gender tenglikni ta’minlashda harbiy sohada mavjud imkoniyatlar, ularni yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, taklif va tavsiyalar bildirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




