Chirchiqda “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining navbatdagi mavsumi yakunlandi
2025-06-12 09:50:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib minglab yoshlar uchun haqiqiy hayot maktabi, Vatanga sadoqat, jasorat va fidoyilik fazilatlarini singdiruvchi tarbiya o‘chog‘iga aylangan.
O‘n kunlik yig‘in davomida ishtirokchilar harbiycha kiyim kiyib, askarlarga xos yurish-turishni o‘zlashtirdi. Ular qat’iy belgilangan kun tartibi asosida mashg‘ulotlarda qatnashdi, kasb-hunar ko‘nikmalarini egalladi, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga qaratilgan darslarda ishtirok etdi hamda ilk harbiy tayyorgarlik asoslarini o‘rgandi.
Mashg‘ulotlar davomida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik darslari tashkil etildi. “Zakovat” intellektual o‘yini, viktorinalar, suhbatlar orqali ishtirokchilarning bilim va tafakkuri yanada boyitildi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida turli sport musobaqalari, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Yig‘inning yopilish marosimida Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, kuch tuzilmalari vakillari, viloyat Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar yig‘in bitiruvchilarini samimiy muborakbod etib, ularga kelgusidagi hayot yo‘llarida omad va muvaffaqiyat tiladi. Yig‘in davomida yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati







