Otaliqqa olingan yoshlar bilan manzilli ishlashning samarasi ortib bormoqda
2025-06-11 18:55:00 / Yangiliklar

Ayniqsa, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga alohida e’tibor qaratilishi — insonparvarlikning hamda ijtimoiy adolatning amaliy ifodasidir. Bu boradagi eng ibratli tashabbuslardan biri — yoshlarni otaliqqa olish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish amaliyotidir. Bu ezgu ish bugun Vatan fidoyilari — harbiylar tomonidan ham e’tibordan chetda qolmayapti.
Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari tomonidan bir guruh yoshlar otaliqqa olinib, ular bilan muntazam samarali ishlar olib borilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida harbiy xizmatchilar yoshlarning kasb-hunar o‘rganishlari, mehnat bozorida munosib o‘rin topishlari, jamiyatga foydali shaxslar bo‘lib yetishishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratishmoqda. Aynan shu kabi izchil va maqsadli faoliyat natijasida yoshlar hayotida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.
Misol uchun, Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi Bekzod Abdurahmonov qisqa vaqt ichida kichik tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, nafaqat o‘zini, balki bir nechta yoshlikni ham ish bilan ta’minladi. U o‘zining sa’y-harakatlari bilan boshqalarga ham mustaqil hayot yo‘lini topishda namuna bo‘lmoqda.
“Menga berilgan e’tibor va ishonch meni ilhomlantirdi. Bugun o‘z ishxonam bor, hamqishloqlarimga ham ish o‘rinlari yaratdim. Bu – menga emas, bizga bo‘lgan mehr-oqibat mevasi”, — deydi qahramonimz.
Yana bir misol — Humoyun Murodov. U ilgari ishsiz, hunarsiz yurgan yoshlar safida edi. Bugungi kunga kelib esa o‘ziga xos mehnat madaniyatiga ega, tajribali yoshga aylangan.
“Avvallari nima bilan shug‘ullanishni bilmasdim. Harbiy xizmatchilar menga otalik qildi, kasb tanlashda yo‘l ko‘rsatdi. Endi esa men ham o‘z mehnatim bilan ro‘zg‘or tebratayapman, orzu-umidlarim bor”, — deydi Humoyun Murodov
Shuningdek, yosh tadbirkorlar orasida Ozoda Nurmurodova ham bor. U tikuvchilik sexi tashkil qilib, o‘z hunarini rivojlantirgan va ayni vaqtda boshqaruv sohasida ham ilk qadamlarini qo‘ymoqda. Bu kabi tashabbuslar natijasida yoshlar nafaqat iqtisodiy jihatdan mustaqillikka erishmoqda, balki jamiyat hayotida faol ishtirokchi sifatida shakllanmoqda.
Darhqaiqat, bugun o‘z mehnati bilan hayotda o‘z o‘rnini topayotgan ushbu yigit-qizlar yurakdan his etilgan mas’uliyat bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish yo‘lida dadil odimlamoqda. Ularning har bir tashabbusi, har bir yutug‘i – davlatimiz tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati






