“Karate WKF qo‘l jangi” bo‘yicha chempionat bo‘lib o‘tdi
2025-06-11 15:10:00 / Yangiliklar

Harbiy xizmatchilar o‘rtasida tashkil etilgan ushbu bellashuv – nafaqat jismoniy holat, balki ruhiy bardosh, sabr-toqat va harbiy fidoyilikning yorqin ifodasi bo‘ldi. Musobaqada okrug tarkibidagi harbiy qismlar va muassasalardan tuzilgan jamoalar o‘zaro kuch sinashib, haqiqiy sport ruhida raqobat olib bordilar.
Tatamida har bir zarba, har bir harakat ortida fidoyilik, ustozlar mehnati va kun-u tun davom etgan mashg‘ulotlar namoyon bo‘ldi. Baholash jarayonida adolatli mezonlarga asoslangan holda har bir ishtirokchining texnikasi, taktik yondashuvi va jangovar ruhiyati alohida baholandi.
Musobaqa davomida harbiylar o‘zlarining irodaviy sifatlari, professional tayyorgarligi va yuksak sport madaniyati bilan boshqalarga ibrat bo‘la oldilar. Ular jang maydonida emas, balki sport arenalarida ham mardlik, sadoqat va jipslikning naqadar muhimligini amalda namoyish etdilar.
Chempionat yakunida har bir vazn toifasida g‘oliblar aniqlanib, diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi. Quvonch va faxrga to‘la bu lahzalar harbiy sportchilarning mashaqqatli mehnatlari samaradorligini yana bir bor tasdiqladi.
Umumjamoa hisobida faxrli natijalar quyidagicha bo‘ldi:
- 1- o‘rin – Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism jamoasi;
- 2 - o‘rin – Namangan garnizonidagi harbiy qism jamoasi;
- 3 - o‘rin – So‘x garnizonidagi harbiy qism jamoasi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









