Andijonda yoshlar harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishdi
2025-05-31 14:45:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida yoshlar harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishish, Vatan himoyachilarining kundalik faoliyati va ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi.
Dastlab mehmonlar harbiy qismlarda mavjud zamonaviy infratuzilmalar — yashash joylari, ovqatlanish punktlari, sport inshootlari, kutubxona va o‘quv auditoriyalarining holati bilan tanishtirildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-yarog‘ va harbiy texnika namoyishlari, saf mashqlari, jangovar harakatlar elementlari bilan boyitilgan ko‘rgazmali chiqishlar yoshlar e’tiboriga havola qilindi.
Shuningdek,tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tadbirga alohida ruh bag‘ishladi. Unda harbiy okrug qo‘mondonligi, mahalliy hokimlik va boshqa davlat tashkilotlari vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etib, ochiq muloqot tarzida turli dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Harbiy xizmatning jamiyatdagi o‘rni, Vatan himoyasining muqaddasligi va harbiylikda mardlik va fidoyilik tamoyillari haqida yoshlarga amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbirning eng hayajonli daqiqalaridan biri — harbiy xizmatchilar farzandlari o‘rtasida o‘tkazilgan qo‘l jangi musobaqasi bo‘ldi. Do‘stona muhitda o‘tgan ushbu sport bellashuvi yoshlarda jismoniy tayyorgarlik, sog‘lom raqobat va sportga mehrni kuchaytirdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






