Nukus garnizonidagi harbiy qism tashkil topgan kun nishonlandi
2025-05-31 14:30:00 / Yangiliklar

Tantanali marosimda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni, mahalliy davlat hokimiyati vakillari, harbiy soha faxriylari, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘z nutqida harbiy qismning tashkil topganidan bugungi kunga qadar bosib o‘tgan shonli yo‘lini, uning jangovar tayyorgarligi, intizomi va har yili erishilayotgan yutuqlarini e’tirof etdi. Shuningdek, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning fidokorona mehnati alohida qayd etildi.
Tadbir davomida xizmat burchini namunali bajarayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliqlar, esdalik sovg‘alari va navbatdagi harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.
Bayramona tadbir doirasida harbiy orkestr va taniqli xonandalar ishtirokida ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, milliy ohanglar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






