“Oʻq otish sporti” boʻyicha harbiy musobaqa boʻlib oʻtdi
2025-05-24 21:05:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqa Mudofaa vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xalqaro militsiya assotsiatsiyasi hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilib, yoshlarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazuvchi muhim maydonga aylandi.
Estafetada 20 dan ortiq jamoa g‘oliblik uchun keskin va murosasiz kurash olib bordi. Har bir jamoa tarkibida 4 nafardan yigit-qizlar Vatan himoyasiga doimo tayyor ekanliklarini isbotlashdi. Musobaqaning har bir bosqichi ishtirokchilardan chaqqonlik, aniqlik, jamoaviy harakat va eng muhimi — matonatni talab qildi.
Estafetaning ilk bosqichidayoq ishtirokchilarga og‘ir sinov — gaz niqobini kiygan holda yugurib, estafeta tayoqchasini navbatdagi jamoadoshiga yetkazish vazifasi yuklandi. Nafasni siqib, ko‘zni toraytiruvchi niqob ostida yugurish — bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy chidamning sinovidir. Yoshlar esa bu bosqichda qat’iyat va jasorat namunasi bo‘la olishdi.
Keyingi sinov esa harbiy bilimlar asosiga tayangan holda o‘tkazildi. Ishtirokchi AK-74 avtomatini tezkorlik bilan qismlarga ajratib, yana bir maromda yig‘ishi kerak edi. Bu bosqichda har bir harakat aniq, ishonchli va muvozanatli bo‘lishi talab qilindi.
Uchinchi bosqich esa ishtirokchilarning diqqat markaziga aylangan eng muhim qism bo‘ldi. Har bir talaba qo‘lida pnevmatik pistolet bilan o‘ziga ajratilgan 3 dona o‘qni aniq nishonga yo‘naltirishi kerak edi. Har bir xato nishonga urilmagan o‘q uchun 5 soniyadan jarima vaqti belgilandi. Bu bosqich nafaqat mohirlik, balki ruhiy barqarorlik va bosim ostida qaror qabul qilish qobiliyatini namoyon etishdi.
Og‘ir o‘qdonni qoʻllariga ko‘tarib, finish chizig‘igacha yugurish esa musobaqaning g‘oliblarini aniqlovchi hal qiluvchi daqiqalar bo‘ldi.
Musobaqa davomida yigit-qizlar faqatgina sport emas, balki Vatanga sadoqat, jamoaga fidoyilik, bardosh va iroda borasida ham katta saboq olishdi.
Qizg‘in bahs va do‘stona raqobat muhitida o‘tgan musobaqa natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, o‘z universiteti nomini sharaf bilan himoya qildi. G‘olib jamoalarga tashkilotchilar tomonidan diplomlar, esdalik sovg‘alari hamda musobaqa kubogi tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









