“Mergan kubogi” g‘oliblari aniqlandi
2025-05-24 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi harbiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida o‘q otish sport turlari bo‘yicha “Mergan kubogi” musobaqasining o‘tkazilishi tizimdagi sa’y-harakatlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Musobaqaning taqdirlash marosimi tantanali ruhda tashkil etildi. Tadbirni mudofaa vazirining o‘rinbosari ochib berdi. U o‘z so‘zida bu kabi musobaqalar orqali harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va vatanparvarlik ruhini mustahkamlash mumkinligini ta’kidladi.
Musobaqada quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi:
• Pnevmatik pistoletdan otish;
• Makarov pistoletidan otish;
• Kalashnikov avtomatidan otish;
• “Sporting – kompakt”;
• Kichik kalibrli vintovkadan otish.
Bellashuvlarda erkaklar va ayollar alohida toifada ishtirok etib, eng mohir merganlar aniqlandi. Shuningdek, umumjamoa hisobida eng yuqori natija qayd etgan kuch tuzilmalari ham aniqlandi. Musobaqaning yakuniy natijalariga Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida faxriy qorovul va qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining kuy-qo‘shiqlari marosimga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
“Mergan kubogi” musobaqasi nafaqat sportdagi mahoratni oshirish, balki Vatanga sadoqat, jamoaviylik va yuksak ma’naviy qiyofani shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor isbotladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









