“O‘lan” — O‘zlikka qaytish qo‘shig‘i
2025-05-22 17:35:00 / Yangiliklar

Spektakl namoyishida nuroniylar jamg‘armasi a’zolari, ertamiz egasi bo‘lgan yoshlar, harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Sahnadagi har bir epizod, har bir satr, har bir kuy — yuraklarga yetib bordi.
Asar markazida turli xarakterdagi farzandlar qurshovida, umrining poyoniga yetib borayotgan, ammo hali ham oila timsoli sifatida mehr va donolik manbai bo‘lib qolayotgan keksa momoning ichki kechinmalari, fidokorligi, sabr-toqati gavdalanadi. Nabirasining to‘yi arafasida xastalanib qolgan momo, yuragini zirqiratgan dardini farzandlariga sezdirmaslikka harakat qiladi. U to‘yga ruhan tayyorgarlik ko‘rayotgan oilaning fayzini buzishni istamaydi. Zero, u har bir farzandining baxti bilan yashaydi, ularning quvonchi bilan quvonadi.
Katta hovli. To‘yga shaylanayotgan oila. Uch o‘g‘il, ikki kelin va qiz... Barchasi o‘z o‘rnini topgan. Faqat kenja o‘g‘il hayotda o‘z yo‘lini topa olmagan, iztirobda. Aynan shuning uchun kampir katta farzandlariga suyanib quvonsa, kenjasiga qarab yuragi eziladi, kuyunadi.
Spektakl davomida oila a’zolari o‘rtasidagi muloqot, qarama-qarshi dunyoqarashlar, turlicha xarakterlar orqali milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz chuqur tahlil etiladi. Har bir obraz orqali bugungi jamiyatdagi muammolar, avlodlar o‘rtasidagi tafovutlar, ammo baribir ularni birlashtirib turuvchi kuch — oila, ona mehrining beqiyos ahamiyati yuksak badiiy ifodada namoyon bo‘ladi.
Sahnadagi eng ta’sirli lahzalardan biri — kampirning o‘lan aytishi kerakligi, ammo shunga kuchi yetmasligidir. Bu muqaddas burchni u qiziga vasiyat qiladi. Ya’ni avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odatlar zanjirining yana bir halqasi navbatdagi yangi avlod halqasiga ulanadi. Spektaklning “O‘lan” deb nomlanishida ham ramziy ma’no bor. “O‘lan” millatning millat ekanligini o‘zida namoyon etgan hayot qo‘shig‘i, o‘zlik qo‘shig‘idir.
“O‘lan” spektakli tomoshabin qalbiga chuqur kirib bordi. Undagi har bir qo‘shiq — lapar, marsiya va o‘lanlar — sahna tasviriga samimiyat va xalqona ruh olib kirdi. Har bir kuy, har bir so‘z o‘zbekning ichki olamidan, tarixidan, bugunidan so‘zladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






