Harbiy xizmatga professional yondashuv
2025-05-22 11:45:00 / Yangiliklar

Amaliy mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, jismoniy imkoniyati va jamoaviy ishlash qobiliyatini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. “Farg‘ona” dala o‘quv maydoni muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan mashg‘ulotlarda ham dunyo va mintaqadagi harbiy siyosiy vaziyat, zamonaviy qurolli mojarolar tahlilidan kelib chiqib, sohaga doir o‘zgarish va yangiliklarni o‘rganish, jangovar vaziyatlarda harbiy xizmatchilar duch kelishi mumkin bo‘lgan axloqiy-ruhiy yuklama va bosimlarni yеngish va ko‘nikmalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda dala o‘quv maydonlarida yurt himoyachilari bilan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘quv yili rejasiga asosan tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligini oshirib, ular orasida ishonch va intizomni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mashg‘ulotlardagi yana bir muhim jihat, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini bosqichma-bosqich yanada rivojlantirish maqsadida 2023—2024-o‘quv yilidan boshlab qo‘shinlarga "Serjantlar tayyorlash formulasi" bo‘yicha doimiy ravishda o‘qitish amaliyoti tatbiq etilgan. Mazkur o‘quv tizimi doirasida harbiy xizmatchilar asosiy mutaxassisligiga qo‘shimcha ravishda bir qator yangi harbiy yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlanadi. Bu ularning ko‘p funksiyali, mustaqil qaror qabul qila oladigan, professional kasb egasi sifatida shakllanishiga imkon beradi.
Yuqori natijaga erishish, vazifalarni sifatli ado etishda yurt o‘g‘lonlarining amaliy tajribalarini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois murakkab joy sharoitlarida jangovar mashina va texnikalarni haydash mashg‘ulotida ham harbiy xizmatchilar nazariy olgan bilimlarini sinovdan o‘tkazib, ko‘nikmalarini mustahkamladi. Harakat davomida yurish qiyin pasttekislik va qiyaliklarda texnikalarni mohirlik bilan boshqarish, duch kelgan tabiiy va sunʼiy to‘siqlarni yеngib o‘tish kabi vazifalar bekam-ko‘st ado etildi.
“Fargona” dala o‘quv maydonida harbiy xizmatchilarning jangovar va kasbiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida rejalashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar kunduzi va tungi sharoitlarda muntazam o‘tkazilib, ular taktik, otish, aloqa va tibbiy tayyorgarlik kabi yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






