Italiya kinologlari Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdi
2025-05-22 09:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida mas’ul vakillar tomonidan ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, xususan, kinologiya yo‘nalishida rejalashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar ikki davlat o‘rtasidagi amaliy aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng delegatsiya vakillariga Mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazining faoliyati va infratuzilmasi, jumladan, kinologlarning nazariy va amaliy tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi zamonaviy sinf xonalari, xizmat itlarining sog‘ligi doimiy kuzatuvda bo‘ladigan Veterinariya klinikasi hamda ushbu klinikada joylashgan “Laboratoriya xonasi”, “UZI xonasi”, “Jarrohlik xonasi”, “Muolaja xonasi” va “Rentgen xonasi”da yaratilgan sharoitlar va olib borilayotgan ishlar yaqindan tanishtirildi.
Uchrashuv doirasida ikki davlat kinologlari xizmat itlarini saqlash, parvarishlash, oziqlantirish hamda ularning sog‘ligini saqlash bo‘yicha profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, kasallangan xizmat itlariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, davolash va boshqa muhim veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari markaz qoshida tashkil etilgan muzey faoliyati bilan ham tanishdilar. Muzeyda markaz tomonidan qisqa muddat ichida erishilgan yutuqlar, mavjud imkoniyatlar va amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Italiyalik mutaxassislar ushbu yutuqlarni e’tirof etib, markaz faoliyatiga yuksak baho berdilar.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









