Qurolli Kuchlar akademiyasida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-05-16 09:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda respublika va xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, tajribali olimlar, professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida harbiy ta’lim tizimining dolzarb muammolari, tabiiy va aniq fanlarning zamonaviy qurol-yarog‘, harbiy texnika hamda raqamli boshqaruv tizimlari bilan uzviy bog‘liqligi, shuningdek, xorijiy va mahalliy ilmiy muassasalarning ilg‘or tajribalari muhokama qilindi.
Anjumanda so‘nggi yillarda global miqyosda qurolli to‘qnashuvlar xarakterining o‘zgarib borayotgani, jangovar harakatlarda sun’iy intellekt, robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari, yuqori aniqlikdagi texnologiyalar va raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarining keng qo‘llanilayotgani ta’kidlandi.
Konferensiya doirasida bir qator ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, tabiiy, aniq hamda ixtisoslik fanlarini o‘qitishdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ularni amaliyotga tatbiq etishning samarali yo‘llari tahlil qilindi. Bundan tashqari, elektrotexnika va elektronika asoslari fanini ixtisoslik fanlari bilan integratsiyalangan holda o‘qitishdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ilgari surilib, Oliy matematikani ixtisoslik fanlariga yo‘naltirib o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar va samarali pedagogik usullarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tabiiy, aniq va ixtisoslik fanlarini o‘qitishda innovatsion usul va uslublardan keng foydalanish, shuningdek, fanlararo integratsiyani kuchaytirish masalalari bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






